Yevgeniy Yevtushenko. Judayam sevaman meni rashk qilsang…
18 ИЮЛ — МАШҲУР РУС ШОИРИ ЕВГЕНИЙ ЕВТУШЕНКО ТАВАЛЛУД ТОПГАН КУН
Таниқли рус шоири Евгений Евтушенко (1937-2017) ўз шеърларининг ўзбекчага ўгирилиши муносабати билан ўзбек китобхонига ёзган сўз бошисида шундай деган эди: «Шеърларим ўзбек тилида нашр этилаётгани билан фахрланаман.
Мен, кинода Циолковский ролини ўйнаган одам, инсониятга Улуғбекдай олимни берган халқнинг бутун жаҳоний аҳамиятини англамаслигим мумкин эмас. Унинг расадхонаси ёнида турганингда ўтмиш билан келажак орасидаги боғланиш аллақандай мавҳум нарса бўлиб туюлмайди ва ўзинг жаҳон тарихининг бир зарраси эканингни аниқ ҳис қиласан…(Тўлиқ ҳолда мана бу саҳифада ўқишингиз мумкин)
Евгений ЕВТУШЕНКО
ШЕЪРЛАР
Хосият Рустамова таржимаси
18 IYUL — MASHHUR RUS SHOIRI YEVGENIY YEVTUSHENKO TAVALLUD TOPGAN KUN
Taniqli rus shoiri Yevgeniy Yevtushenko (1937-2017) o‘z she’rlarining o‘zbekchaga o‘girilishi munosabati bilan o‘zbek kitobxoniga yozgan so‘z boshisida shunday degan edi: «She’rlarim o‘zbek tilida nashr etilayotgani bilan faxrlanaman.
Men, kinoda Siolkovskiy rolini o‘ynagan odam, insoniyatga Ulug‘bekday olimni bergan xalqning butun jahoniy ahamiyatini anglamasligim mumkin emas. Uning rasadxonasi yonida turganingda o‘tmish bilan kelajak orasidagi bog‘lanish allaqanday mavhum narsa bo‘lib tuyulmaydi va o‘zing jahon tarixining bir zarrasi ekaningni aniq his qilasan…(To‘liq holda mana bu sahifada o‘qishingiz mumkin)
Yevgeniy YEVTUSHЕNKO
SHE’RLAR
Xosiyat Rustamova tarjimasi
RASHK
Judayam sevaman meni rashk qilsang,
Rashking ko‘kda chaqmoq chaqqandek xuddi.
Daraxtu maysani kuydirar bilsang —
Yoqib kul qilar uy, hatto bulutni.
Yanayam sevaman meni qilsang rashk,
Rashkdan nigohlaring ochilar gul-gul.
Yurganday bo‘laman jannatda yashab,
Do‘zahdek kuydirib qilasan kul-kul.
Meni rashk qilsang Sen,
Yana sevaman —
Mayli, sinsa sinar qancha buyumlar.
Qo‘limdan otilib chiqasan, qayga —
Joningga tekkanday bari o‘yinlar.
Rashk qilsang — yanayam sevaman ko‘proq,
Uzun poshna tufli nozaninlardan.
Birisi ozg‘inu biri semizroq —
Olmos tosh ko‘zoynak taqqanlardan ham.
Rashk qil meni — sochu tirnog‘inggacha,
Ojizligin sezsin bo‘ron, ko‘chki ham.
Agar rashk qilmasang bilgin, ertaga —
O‘zim rashkdan aniq portlab o‘laman.
O‘QILMAGAN KITOB
Qo‘rqaman. Xayoldan ketmas bu odat,
O‘qilmas Asrlar kundaligi ham.
Biz sodir etamiz ulkan jinoyat —
O‘qib chiqilmagan kitoblar bilan.
Gar qiziq bo‘lmasa inson qismati,
Va yana o‘qilmay o‘tilgan boblar.
Ko‘z yoshlar… Kimnidir qoni, qisqasi —
O‘ch olar o‘qilmay qolgan kitoblar.
Yo‘qotsa kitoblar xazinasini,
Birma-bir o‘chirsa, yirtsa qo‘yib chek.
Qabul qil. Kechirma, yaqinlaringni —
Buyuk Yaratganni bilmaganidek.
Hatto o‘zimizga qilmaymiz shafqat,
Bandmiz. Qabohatga tashlaymiz qadam.
Biz qurbon etilgan mal’un nafaqat —
O‘qib chiqmaganmiz o‘zimizni ham.
“BU — MЕNING AYOLIM”
Juda tez sevaman — tez so‘nar ishqim,
Ko‘zni maftun etar husn-jamoli.
Olloh shivirladi: “Ko‘zni och, jonim,
Bu — Sening ayoling”.
Turasan — qo‘lingda kitobim yonar —
Faqat dastxat olish Sening xayoling.
Boladek yuragim uyg‘onib qolar —
“Bu — mening ayolim”.
Men esa qo‘lingga qarayman sinchkov,
Betizgin yuragim uradi duk-duk.
Bo‘g‘iningda yonib turganday olov —
Barmog‘ingda bo‘rtib turardi uzuk.
Nafasim qaytadi. Ovozim titrar,
Shu paytda o‘zimga ayon ahvolim.
Xuddi ochlik kabi ichimni tirnar —
“Bu — mening ayolim!”.
Otga qamchi solar shonu shuhratim,
Uni sevishimga undar har taraf.
Der, faqat uniki bo‘lsin qudrating:
“Mening ayolimga bo‘lsin shon-sharaf”.
Yillar ham og‘rinib o‘qiydi hukm,
Hech qanday mag‘rurlik kelmas xayolga.
Dunyodan bor faqat uchta o‘tinchim —
“Rahm qil, meniki bo‘lgan ayolga”.
Mening yozg‘irishim ketmasin xato,
Bezabon barmoqlar chiqarganda sas.
Axir Neandertal* erkaklar hatto —
Shu uchta so‘z bilan olganlar nafas.
“Bu — mening ayolim!”.
Jumlayu jahonga qasdma-qasd turib,
Pul va mol-dunyoga og‘may xayolim.
Jar solgum — tomog‘im ketguncha qurib —
“Bu — mening ayolim”.
* Neandertal — eng qadimgi odam.
* * *
Juda ko‘p hayotda baxt-yo‘qotishlar,
Ikkisi barobar tashlarkan qadam.
Kulguli tuyular. Ba’zi kishilar —
Aybini o‘ziga qo‘ymaydi hecham.